O’zbekiston Respublikasining Buyuk
Britaniya va Shimoliy Irlandiya
Birlashgan Qirolligidagi Elchixonasi
ENG O’ZB ÐÓÑ









Valyutalar kursi (UZS)   23.05.2017
  CB Buy Sell
GBP 2897.79 2898.00 2941.00
EUR 2456.73 2457.00 2493.00
USD 1832.19 1845.00 1851.00
JPY 224.34 225.00 228.37

Ob-havo (Toshkent) 23.05.2017
Today


, -18 °C
:
, -18°C
Precipitation: %

High -18°C
Low -18°C

High -18°C
Low -18°C

Tarix

O’zbek xalqi dunyodagi eng qadimgi xalqlardan biri hisoblanib, uning boy va qadimiy davlatchilik tajribasi bor.

 

O'zbekiston hududida dastlabki mustaqil davlat tuzilmalari miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshlaridayoq paydo bo'lib, qariyb 3000 yil davomida takomillashib borgani va dunyo davlatchiligi rivojida eng yuksak darajaga ko'tarilgani jahonga ma'lum. Farg'ona vodiysining So'x tumanidagi Selung'ur g'oridan, Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinidagi Ko'lbuloq makonidan va Surxondaryo viloyatining Boysun tog'idagi Teshiktosh g'oridan topilgan arxeologik topilmalar ushbu xududda 1-1,2 mln. yil avval ilk paleolit davri odamlari yashaganligidan dalolat beradi.

Vatanimizning ko'pgina hududlari - Xorazm, Surxondaryo, Zarafshon, Farg'ona va boshqa vohalari sivilizatsiya taraqqiyotining markazlaridan biri hisoblanadi. 
Miloddan avvalgi VI-IV asrlarda Markaziy Osiyo xududiga ahmoniylar, keyinchalik grek-makedonlar bostirib kiradilar. Boschinchilariga qarshi yurtimizning mard vatanparvarlari – To'maris, SHiroq va Spitamen jang olib bordilar.

O'zbek davlatchilik tarixi o'zining uzluksiz taraqqiyoti jarayonida eng yuksak rivojlanish va yuksalish davlarini boshdan kechirgan. Miloddan avvalgi 3 va milodiy 3 asrlar oralig'ida O'zbekiston hududida Davan, Kan, Kushon va Xorazm kabi davlarlar gullab-yashnagan. Ayniqsa, Kushon davlati o'zining rivojlangan madaniyati va san'ati bilan boshqa davlatlardan ajralib turgan.

O'rta asrlarning boshlarida O'zbekiston hududida Xioniylar, Xidoriylar, Eftalitlar va Turk hoqonligi hukmronlik qilganlar. Bu davrda yuqoridagi davlatlar juda katta hududlarda qonunchilikni joriy etish bo'yicha ishlarni olib borganlar, shuningdek qo'shni davlatlar bilan savdo-sotiq qilganlar.

VIII-IX asrlarda O'zbekiston hududi arablar tomonidan egallab olindi. Shu bilan birga, ushbu davrda hududga yangi madaniy oqim ham kirib keldi. Bosqinchilarga qarshi kurashda moddiy va ma'naviy yo'qotishlar bilan birga IX-XII asrlarda o'zbek xalqining shakllanishi yuz beradi. SHu davrda turk tili yuqori maqomni egallab, adabiy tilning shakllanishi boshlanadi.

IX-XII asrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar va Xorazmshoxlarning xukmronlik davrlarida bir qator, xususan madaniy hayotdagi o'zgarishlar yuz beradi. Ushbu davrda vatanimiz dovrug'ini butun dunyoga tanitgan buyuk olim va allomalar Al-Xorazmiy, Ahmad Al-Farg'oniy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, az-Zamaxshariy va boshqalar shu yerda xayot kechirganlar va ijod qilganlar. Shu bilan birga, Imom Al-Buxoriy, at-Termiziy, Najmiddin Kubro, Baxovuddin Naqshbandiy va boshqa olimu fuzalolar diniy ilmlarning rivojlanishiga o'zlarining ulkan hissalarini qo'shdilar.

XIII asrning boshida CHingizxon boshchiligidagi mo'g'ul qo'shinlari Xorazmshoxlar davlatini tor-mor qilib, Markaziy Osiyoning butun hududini egallab oladilar. Vatanimizning jasur o'g'lonlari – Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik va boshqalar o'z xalqini kelgindi bosqinchilardan ozod etish yo'lida mardonavor kurash olib bordilar.

XIV asrning ikkinchi yarmida (1370 y.) Markaziy Osiy siyosiy maydoniga Amir Temur kirib keladi. Amir Temur va uning avlodlari davri mamlakatimiz tarixida turli tarixiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarga boy davr bo'ldi. Bu davrda Markaziy Osiyoda uzoq muddat davom etgan mo'g'ullar istibdodiga barham berildi. Amir Temur va Temuriylar davrida tashkil etilgan markazlashgan davlat mamlakatni har tomonlama, va ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy tomondan gurkirab rivojlanishi uchun xar tomonlama sharoit yaratib berdi. Amir Temur markazlashgan davlat yaratgan holda, boshqaruvning davlat apparatini tartibga soldi, mamlakatning sarxadlarini kuchaytirdi va mustahkamladi, armiyani kuchaytirdi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshiladi, hunarmandchilik va savdo-sotiqni yanada rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratdi, soliq tizimini isloh qildi, shuningdek xalqaro aloqalarni ham yaxshiladi. Amir Temur tibbiyot, matematika, astronomiya, tarix, adabiyot, tilshunoslik, diniy ilmlarga katta e'tibor berdi. Uning saroyida Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshiy, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Bahriddin Ahmad, Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy kabi allomalar faoliyat ko'rsatishgan.

Mirzo Ulug'bek, Xusayn Boyqaro va Zaxiriddin Muxammad Bobur hukmronligi vaqtida ilm-fan, adabiyot va san'at rivojlandi va taraqqiy etdi. Aynan shu davrda buyuk shoir Alisher Navoiy turk tilida o'zining asarlarini yaratdi va o'zbek xalqining ma'naviy merosini rivojlantirishga o'zining beqiyos hissasini qo'shdi.

Amir Temurning olib borgan harakatlari tufayli mo'g'o'llarning vatanimizga qilayotgan bosqinchilik yurishlariga chek qo'yildi va boshqa halqlar esa mo'g'o'llarning istibdodidan ozod qilindi. SHuningdek, Amir Temurning usmoniylar ustidan g'alabasi yevropaning usmoniylar asoratiga tushishdan saqlab qoldi.

XVI-XVII asrlarda O'zbekiston hududida Shayboniyxonlar va Ashtarxoniylar davlati hukmronlik qildi. Ashtarxoniylar davrida markazlashgan davlatlar inqirozga yuz tutdi, bu esa ularning tarqoqlanishiga olib keldi. Natijada, XVIII asrda Buxoro amirligi, Xiva va Qo'qon xonliklari paydo bo'ldi.

Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoga bostirib kirishi natijasida, mamlakatimiz XIX asrning ikkinchi yarmidan 1991 yilga qadar Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi tarkibida bo'ldi.

O'tgan asrning 80-yillarida boshlangan siyosiy va iktisodiy inqiroz O'zbekistonning mustaqillik uchun kurashini tezlashtirib yuborish uchun sharoit yaratdi. Natijada, ushbu uzoq muddatli tarixiy voqealardan so'ng 1991 yilning 31 avgustida Islom Karimov boshchiligida mamlakat mustaqilligiga erishildi.

O'zbekistonning davlat mustaqilligi oson bo'lmagan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda qo'lga qiritildi. 130 yil davom etgan hukmron mustamlakachilik rejimi respublikaning mustaqil rivojlanishi uchun imkoniyat bermagan.

Mustaqillikning e'lon qilinishi xalqimiz va rahbariyat oldiga barcha sohalarda tub islohotlarni amalga oshirish lozimligi masalasini qo'ydi. I.Karimov boshchiligida Hukumat tomonidan amalga oshirilgan ichki va tashqi siyosat natijasida O'zbekiston jahon hamjamiyati tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olindi. Qisqa muddat ichida O'zbekiston o'zining shaxsiy rivojlanish modelini aniqlab oldi.

Respublikamiz Prezidenti I.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan rivojlanishning "O'zbek modeli" mamlakatimiz ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishining poydevorini yaratdi. Qisqa fursat ichida g'alla va neft mustaqilligiga erishildi. Istiqlol yillarida O'zbekiston agrar davlatdan sanoati jadal sur'atlarda rivojlanib borayotgan, zamonaviy texnika va texnologiyalarni eksport qiluvchi mamlakatga aylandi. Tanlangan rivojlanish yo'lining to'g'riligini 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tasdiqladi. "O'zbek modeli" inqirozni muvaffaqiyatli bartaraf etdi va xalqaro moliviy tashkilotlar va ekspertlar tomonidan haqli ravishda yuqori ijobiy baholandi.

Tarix shuni ko'rsatmoqdaki, dunyodagi bironta davlat ham dunyo hamjamiyatidan ajralgan holda alohida rivojlana olmaydi. To'g'ri va oqilona olib borilayotgan tashqi siyosat tufayli hozirgi kunda O'zbekistonni dunyoning 180 ta davlat tan olgan, 130 davlat bilan esa diplomatik aloqalar o'rnatilgan. O'zbekiston Respublikasi BMT, MDH, SHanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa shu kabi ko'plab xalqaro tashkilotlarning a'zosi hisoblanadi.

Bugungi kunda O'zbekiston Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Indoneziya, Eron, Ispaniya, Italiya, Kanada, Xitoy, Malayziya, Koreya Respublikasi, Rossiya, AQSH, Tailand, Turkiya, Frantsiya, Chexiya, SHveytsariya, Shvetsiya kabi davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda ikki yoqlama va o'zaro manfaatdor hamkorlikni olib bormoqda.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar millati, tili va dinidan qat'i nazar bir xil huquqqa egalar. Bugungi kunda respublikamizda yuzdan ortiq xalqlar va elatlar vakillari bir-birlarini tushungan holda yashamoqdalar, ularga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O'zbekistonda Respublika Baynalminal madaniyat Markazi va yuzdan ortiq Milliy-madaniy markazlar faoliyat olib bormoqdalar.


















Assosiy | Biz bilan bog’lanish | Sayt tuzilmasi | Izlash

© 2008 — 2017. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BUYUK BRITANIYA VA SHIMOLIY IRLANDIYA BIRLASHGAN
QIROLLIGIDAGI ELCHIXONASI
41 Holland Park, London, W11 3RP United Kingdom
Tel: +44 (0) 2072297679 | Fax: +44 (0) 2072297029 | Email: info@uzbekembassy.org
Konsulik bo’limi | Tel: 08714681100 | Email: consul@uzbekembassy.org
© 2008 - 2016 Barcha huquqlar himoyalangan.